Qashqadaryo viloyati

Qashqadaryo viloyati

Qashqadaryo viloyati

Qashqadaryo viloyati — OʻzR tarkibidagi viloyat. 1924 yil 1 noyab.da tashkil etilgan. 1927 yil 17 fev.dan 1938 yil 15 yanv. gacha Qashqadaryo okrugi maqomida. 1938 yil 15 yanv. da Buxoro viloyatiga qoʻshib yuborildi. 1943 yil 20 yanv. da qayta tashkil etildi. 1960 yil 25 yanv. da Surxondaryo viloyatiga qoʻshildi. 1964 yil 7 fev.dan yangidan tashkil etildi. Respublikaning jangʻarbida, Qashqadaryo havzasida, PomirOlay togʻ sistemasining gʻarbiy chekkasida, Amudaryo va Zarafshon daryolari, Hisor va Zarafshon tizma togʻlari orasida. Shim.gʻarbdan Buxoro, jan.sharqdan Surxondaryo, jan.gʻarb va gʻarbdan Turkmaniston, sharqdan Tojikiston va Samarqand viloyatlari bilan chegaradosh. Maydoni 28,6 ming km². Aholisi 2378,2 ming kishi (2005). Tarkibida 13 qishloq tumani (Dehqonobod, Kasbi, Kitob, Koson, Mirishkor, Muborak, Nishon, Chiroqchi,Shahrisabz, Yakkabogʻ, Qamashi, Qarshi, Gʻuzor), 12 shahar (Beshkent, Kitob, Koson, Muborak, Tallimarjon, Chiroqchi, Shahrisabz, Yakkabogʻ, Yangi Nishon, Qamashi, Qarshi, Gʻuzor), 4 shaharcha (Dehqonobod, Miroqi, Eski Yakkabogʻ, Qashqadaryo), 147 qishloq fuqarolari yigʻini, 1064 qishloq bor (2005). Markazi — Qarshi shahri. Qashqadaryo viloyati tumanlari haqida alohida maqolalarga q; mas, Dehqonobod tumani, Kasbi tumani va boshqalarTabiati. Viloyat hududi, asosan, Qashqadaryo botigʻini oʻz ichiga olgan; shim., sharq va jansharqdan Zarafshon hamda Hisor tizma togʻlari bilan oʻralgan. Togʻlar bilan tekisliklar orasini adirlar egallagan. Tekislikning katta qismi gʻarbda Sandiqli va Qizilqum choʻllari bilan tutashgan Qarshi choʻlidan iborat. Iqlimi kontinental. Qishi nisbatan yumshoq. Yozi uzoq (155—160 kun), issiq, quruq. Yanv.ning oʻrtacha temperaturasi 0,2° dan 1,9° gacha, iyulniki 28°—29,5°. Eng yuqori temperatura 45°. Eng past temperatura —20°. Yiliga tekisliklarda 290–300 mm, adirlarda 520–550 mm, togʻlarda 550–650 mm yogʻin tushadi. Yogʻin, asosan, bahor va qishda yogʻadi, yozda garmsel esadi. Togʻlarda turgʻun qor qoplami hosil boʻladi (2—6 oy). Vegetatsiya davri tekisliklarda 290—300 kungacha. Asosiy daryosi — Qashqadaryo. Uning irmoqlari — Jinnidaryo, Oqsuv, Yakkabogʻdaryo, Tanxozdaryo, Gʻuzordaryo (Katta va Kichik Oʻradaryo bilan birga). Daryolar qor, yomgʻir va muzliklar suvidan toʻyinadi. Daryo suvidan, asosan, sugʻorishda foydalaniladi. Chimqoʻrgʻon, Qamashi, Pachkamar suv omborlari; Fayziobod, 8 Mart, Eskibogʻ, Eski Anhor, Koson, Paxtaobod, Qarshi va boshqalar kanallar bor. Qarshi choʻlini oʻzlashtirishda 6 nasos st-yasi, ochiq va yopiq kollektor drenaj tarmoqlari qurilgan. Sugʻoriladigan yerlarning tuprogʻi, asosan, tipik va och boʻz tuproqlar. Kitob — Shahrisabz soyligida koʻproq qumoq tuproqlar mavjud. Togʻlarda balandlik mintaqalari boʻylab tipik boʻz tuproqlar tarqalgan. Tabiiy florasi 1200 ga yaqin yuksak oʻsimlik turidan iborat. Viloyatda 76,6 ming ga oʻrmon mavjud. Oʻrmonlarning asosiy qismini archa va saksovulzorlar tashkil etadi. Togʻ yon bagʻirlari har xil oʻt oʻsimliklari bilan qoplangan, shuningdek, butazorlar ham bor. Togʻ oʻrmonlari archa, bodom, pista, jiydazorlardan iborat. Togʻlarda naʼmatak, zirk, chakanda, anzur piyozi, qora zira va boshqalar oʻsadi.

Viloyat hududida 100 dan ziyod qush turi, sut emizuvchilarning 60 turi, sudralib yuruvchilarning 7 turi uchraydi. Daryo va suv havzalarida qumbaliq, ilonbosh, zogʻorabaliq, gulmohi, xramula, qorabaliq yashaydi. Viloyatda Hisor togʻoʻrmon va Kitob davlat geologiya qoʻriqxonalari joylashgan; Kitob balandtogʻ rasadxonalar majmuasi faoliyat koʻrsatadi.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar (91,2%), shuningdek, tojik, turkman, rus, qozoq, ukrain, ozarbayjon, koreys, qirgʻiz, turk, ukrain, belorus va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km²ga 83,7 kishi. Shahar aholisi 587,5 ming kishi, qishloq aholisi 1790,7 ming kishi (2005).

20-asr boshlarigacha hozirgi Qashqadaryo viloyati hududida yashagan aholining koʻpchiligi orasida urugʻqabilalarga boʻlinish saqlanib kelgan. Mas, Qarshi shahri va uning atroflarida mangʻit, saroy, qavchin, qatagʻon, kutchi, qipchoqlar, xtoy, qirq va boshqalar urugʻlar, Shahrisabz va uning atroflarida kenagas, saroy, qutchi, turk, qatagʻon, qalmoq, qangʻli, chuyut, qiyot, qoʻngʻirot, mojor, mangʻit, mitan, moʻgʻul, nayman, sayot urugʻlari, Gʻuzor va uning atroflarida qavchin, kerayit, qoʻngʻirot, mangʻit va boshqalar urugʻlar yashagan. Ular dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik bilan shugʻullanishgan.

Xoʻjaligi. Qashqadaryo viloyati qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtirish hamda yoqilgʻi resurslarini qazib olish boʻyicha Oʻzbekistonda muhim oʻrin egallaydi. Viloyat respublikada qazib olinadigan tabiiy gazning 88%, neftning 92%, kondensatning 99,6%, oltingugurtning 100% ni beradi.

Qashqadaryo respublikada eng koʻp don va paxta yetkazib beradigan viloyatdir. Oʻzbekistonda tayyorlanadigan yalpi qishloq xoʻjaligi mahsulotining 10,2%,shu jumladan, paxtaning 11,8%, gʻallaning 12%, qorakoʻl terining 19% viloyat hissasiga toʻgʻri keladi. Tabiiy gaz, kondensat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi tarmoqlar rivojlanmoqda. Viloyatda 1,1 ming kichik korxona, 40,6 ming mikrofirma bor. Bular sanoat, qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish, qishloq xoʻjaligi va boshqalar korxonalardan iborat.


O'xshash maqolalar


  • Sayt Haqida

    Assalomu Aleykum hurmatli mehmon! Tashrif.uz sayti ga tashrif buyurganizdan juda xursandmiz.Ushbu sayt yaratilishidan asosiy maqsad - O'zbekekistondagi qadimiy obidalar va O'zbekistonning tarixi, urf-odatlar hamda hozirgi kundagi istiqbollari haqida ma'lumotlarni o'zida jamlab, meroslarimizni saqlab qolish va uni kelajak avlodga yetkazib berish.

  • YODGORLIKLAR SURATLARDA

  • Yutuqlarimiz