Zangiota tumanining zamonaviy qiyofasi

47

– Mirzo Ulug‘bek qurdirgan bu maskanni besh yil avval ziyorat qilgan edim, – deydi Zangiota majmuasida yurgan xorijlik sayyohlardan biri hamrohiga o‘z ona tilida. – Kishini hayratga solar darajada o‘zgarib ketibdi. Bunday tarixiy va zamonaviy bunyodkorlik uyg‘unlashuvi g‘oyat noyob hodisa, to‘g‘rimi?

– To‘g‘ri aytasiz, XIV asrning 80-yillarida Sohibqiron Amir Temur tashabbusi bilan bunyod etilgan, keyinchalik Mirzo Ulug‘bek tomonidan qurilishi yakuniga yetkazilgan majmua mustaqillik yillarida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida rekonstruksiya qilinib, butunlay yangi qiyofa kasb etdi, – beixtiyor suhbatga qo‘shilaman men. – Atrofi obodonlashtirilib, yo‘llar kengaytirildi. Endi bu yer nafaqat ziyoratgoh, balki odamlar kelib dam oladigan, nabiralari bilan boy tariximiz haqida suhbat qiladigan maskanga aylantirildi.

– Yaqinda kelib ketgan yurtdoshimning aytishicha, majmuaning tungi manzarasi ertaklardagidek hayratlanarli bo‘larmish. Men ham shuni bir ko‘rsam, degan orzuda edim, – deydi suhbatni jim eshitayotgan sayyohlardan biri havorang gumbazdan ko‘z uzmay…
57
Yurtimizda ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlarga chet elliklarning bunday havas va hayrat bilan munosabat bildirishi qalbimizni g‘urur-iftixorga to‘ldiradi, buyuk ajdodlarga munosib farzand bo‘lishga undaydi.

Darhaqiqat, mustaqillik hayotimizning ma’no-mazmunini tubdan o‘zgartirib yubordi, o‘zligimizni anglash, milliy-ma’naviy qadriyatlarimizni tiklash, tinch va farovon hayotimizni o‘z qo‘limiz bilan barpo etish yo‘lida beqiyos imkoniyatlar yaratdi. Kunda, kun ora ko‘z o‘ngimizda bunday olamshumul o‘zgarish va yangiliklarni ko‘rish odatiy turmush tarzimizga aylandi.

Toshkent viloyati Zangiota tumanida ham hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini yuksaltirish, odamlarga munosib turmush sharoiti yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Zamonaviy ta’lim va tibbiyot muassasalari, muhtasham turar joylar, sport inshootlari barpo etish bilan birga, odamlar ko‘ngilli dam oladigan madaniyat va aholi dam olish markazlari qurilishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2009-yil 3-avgustdagi “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, ayniqsa qishloq ahlining zamonaviy turmush kechirish orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarmoqda. Namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan 1036 uy odamlarning turmush tarzi va dunyoqarashini, mehnatga, hayotga munosabatini o‘zgartirdi.

– Uch mingga yaqin aholi yashaydigan mahallamizda namunaviy loyihalar asosida 180 uy-joy barpo etilgan, – deydi “Obod turmush” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Hikmatilla Abdullayev. – Yangi uylar tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan ta’minlangan, alohida kanalizatsiya qudug‘i hamda isitish tizimiga ega. Ko‘chalari keng, yo‘l chetlariga mevali va manzarali daraxtlar ekilgan, uylarga kirish yo‘lakchalariga maxsus plitalar yotqizilgan. Mahallada savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ikkita sport maydonchasi, stadion, otalar choyxonasi – guzar xizmat ko‘rsatmoqda. Sobiq tuzum davrida bunday sharoitlar haqida hatto orzu ham qilolmagan yurtdoshlarimiz bugunidan mamnun, ertangi kuniga katta ishonch bilan mehnat qilmoqda.

Tuman hokimligidan ma’lum qilishlaricha, 20-25-yil avval barmoq bilan sanarli ishlab chiqarish korxonasi bo‘lgan tumanda ayni paytda 20 ga yaqin yirik va 1000 dan ortiq kichik sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘z mahsulotini qayta ishlab, xorijga eksport qilayotgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar safi yildan-yilga kengaymoqda. Bu tuman iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, eng muhimi, turmush farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Dehqon va fermer xo‘jaliklari yetishtirgan poliz, meva-sabzavot va uzumni shartnoma asosida xarid qilib, qayta ishlaydigan yirik korxonalar soni 18 taga yetdi.

– Davlatimiz rahbarining shu yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida shu yildan boshlab meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish bo‘yicha davlat buyurtmasining joriy etilishi dehqon va fermerlar, agrofirmalar manfaatdorligini oshirish, mahsulotni sifatli qayta ishlash, saqlash va bozorga raqobatbardosh mahsulot chiqarish imkoniyatini yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi “Turkiston mirishkorlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Hamidulla Yo‘lchiyev. – Yiliga 600 tonna meva-sabzavotni qayta ishlash va quritish imkoniyatiga ega korxonamiz joriy yilda 400 million so‘m daromad olishni rejalashtirgan. Kelgusida ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish, eksportchi agrofirmaga aylanishni maqsad qilganmiz. Buning uchun bizda imkoniyatlar yetarli.

Joriy yilda 20 ga yaqin omborxona va muzlatkich qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sifatli saqlashga yo‘naltirildi. 2011-yilda tashkil etilgan “Zangiota Turkiston Agrobiznes” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli 400 tonna sig‘imga ega muzlatkichni yanada zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash uchun o‘tgan yili 550 million so‘mlik imtiyozli kreditdan foydalanildi.

– Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportbop, sifatli saqlash bo‘yicha xorij tajribasini o‘rgandik, – deydi ushbu jamiyat direktori Faxriddin Hikmatov. – Joriy yilda fermer xo‘jaliklari bilan 120 tonna mahsulotni saqlash bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Ayni paytda mahsulot yetishtiruvchilarga qulaylik tug‘dirish maqsadida saqlash tannarxini yanada arzonlashtirish ustida ish olib borilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida tumanda 8,1 million dollarlik sanoat, 33,7 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi.

Poytaxtimizda o‘tkazilgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xorijlik ekspertlarga namoyish etish, tashqi bozorga ekologik toza meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan sifatli mahsulotlar chiqarish yuzasidan hamkorlikni yanada kengaytirish imkonini berdi. Yarmarkada hududdagi 5 yirik korxona tomonidan 88 million dollarlik shartnoma imzolandi.

Meva-sabzavot eksportini barqaror oshirib borish uchun fermer xo‘jaliklari intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Joriy yilda tumanda 137 gektar maydonda ana shunday olma, gilos, nok, olxo‘ri kabi mevali bog‘lar tashkil etildi.

Tuman sanoati xususida gap ketganda, “Health line” savdo belgisi ostida import o‘rnini bosadigan yuqori sifatli anistiziologiya, jarrohlik, urologiya, ginekologiya yo‘nalishlarida foydalaniladigan 26 turdagi bir martalik tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish salohiyatiga ko‘ra Markaziy Osiyoda yagona O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi haqida alohida to‘xtalish joiz.

Mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “ASIA TRADE” O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasiga yo‘l olar ekanmiz, nafaqa yoshidagi bir amaki sherik bo‘ldi.

– Sizlar borayotgan joyni bizga o‘xshagan eskining odamlari “Shprits zavod” deb ataydi, – deydi hamrohimiz Yunus aka. – Men ham asli shifokorman. Institutni bitirgach, bir-ikki yil pul jamg‘arib, qon bosimini o‘lchaydigan asbob va turli o‘lchamdagi ko‘p martalik shprislar to‘plamini sotib olganman. “Mana orzuim ushaldi, endi mening ham ish qurolim – shprisim bor!”, deb maqtanganim hozirgiday yodimda. O‘sha paytlar oddiy shu shpris ham muammo edi, desam, hozirgi yoshlar baribir ishonmaydi. Yaqinda Janubiy Koreyada kardiojarrohlik bo‘yicha malaka oshirib qaytgan yigit bilan suhbatlashib qoldim. “Bu yo‘nalishda hali ko‘p ishlashim, izlanishlar olib borishim kerak. Kelgusida jahon tibbiyoti talablariga to‘la javob beradigan xususiy kardiologiya klinikasi ochish niyatim bor”, deydi xotirjam ohangda. Unga qanchalar havasim kelganini tasavvur ham qilolmaysiz. Oddiy shprisga erishib, orzuim ushaldi, deb yurganimdan uyaldim…

– 2011-yilda yiliga 100 million dona shpris ishlab chiqarish quvvati bilan ish boshlagan korxonamiz bugungi kunga kelib bu ko‘rsatkichni salkam ikki hissa oshirdi, – deydi korxona bo‘lim boshlig‘i Mirg‘iyos Nazarov. – Ayni paytda 26 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Markaziy Osiyoda bu yo‘nalishda ish olib boradigan eng yirik ishlab chiqaruvchiga aylandik. O‘tgan yili 35 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 55 milliard so‘mga yetkazishni rejalashtirganmiz. Xorijdan keltirilgan zamonaviy texnologiyalarni bemalol boshqarayotgan qariyb 300 ishchi-xodimning barchasi mahalliy yigit-qizlar.

“ASIA TRADE” O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasidan qaytar ekanmiz, atrofga tun qorong‘usi cho‘ka boshlagan edi. Yo‘l-yo‘lakay Zangiota ziyoratgohiga kirib o‘tishga qaror qildik. Majmua uzra mayin bir epkin esadiyu turfa gulu chechaklarning ifori dimoqqa uriladi. Kiraverishdagi keng yo‘lakning ikki yonida turfa rangda o‘ynoqlayotgan bir juft favvora va uning sharqiroq ovozi, yoritqichlarda jilvalanayotgan inshoot, minora, gumbaz… Bir-biriga suv sachratib o‘ynayotgan bolalarning shodon kulgusi… Bobolar bunyod etgan qadim majmuaning Mustaqillik sharofati bilan qayta jon ingan manzarasi bu…

Ikrom Avvalboyev, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA


O'xshash maqolalar


  • Sayt Haqida

    Assalomu Aleykum hurmatli mehmon! Tashrif.uz sayti ga tashrif buyurganizdan juda xursandmiz.Ushbu sayt yaratilishidan asosiy maqsad - O'zbekekistondagi qadimiy obidalar va O'zbekistonning tarixi, urf-odatlar hamda hozirgi kundagi istiqbollari haqida ma'lumotlarni o'zida jamlab, meroslarimizni saqlab qolish va uni kelajak avlodga yetkazib berish.

  • YODGORLIKLAR SURATLARDA

  • Yutuqlarimiz