Tibbiyot xodimlari bayrami keng nishonlanmoqda

10Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2006-yil 12-sentabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida»gi qonunga asosan, mamlakatimizda har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi tibbiyot xodimlari bayrami sifatida keng nishonlanadi.

Poytaxtimizdagi O‘zbek Milliy akademik drama teatrida ushbu sanaga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat, jamoat, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, shifokorlar, jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Alimov, Kasaba uyushmalari federatsiya kengashi raisi T.Norboyeva, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari L.Lazeri va boshqalar O‘zbekistonda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan izchil islohotlar inson manfaatlarini muhofazalash, xalqimizning sog‘lom va uzoq umr kechirishini ta’minlashda yuksak samaralar berayotganini alohida ta’kidladi.

«Sog‘lom ona – sog‘lom bola» dasturida belgilangan vazifalar uzviylik bilan hayotga tatbiq etilishi natijasida ona va bola skrining xizmati, perinatal muassasalar tarmog‘i yaratildi. Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash bo‘yicha maxsus markazlarga asos solindi. Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishning noyob tizimi yaratildi. Hozirgi kunda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududiy filiallari, shahar, tumanlardagi bo‘linmalar, tez tibbiy yordam xizmatining joylardagi shoxobchalari va sanitar aviatsiya xizmati orqali aholiga bu yo‘nalishda xalqaro standartlar darajasida tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlash taqvimi yildan-yilga rivojlanmoqda. Bugungi kunda 12 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi qo‘llaniladigan vaksinalar davlat byudjeti hisobidan xarid qilinmoqda. 2016-yilda bu maqsadlarga 18,5 milliard so‘m ajratildi.

Ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi ham rivojlanayotir. Bugungi kunda kardiologiya, jarrohlik, ko‘z mikroxirurgiyasi, urologiya, terapiya va tibbiy reabilitatsiya, endokrinologiya, pulmonologiya va ftiziatriya, akusherlik va ginekologiya, dermatologiya va venerologiya, pediatriya sohasida maxsus ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tashkil etilib, aholiga bu yo‘nalishda yuksak saviyada tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Ushbu tibbiyot muassasalarida har yili ellik mingga yaqin yuqori texnologiyali murakkab operatsiyalar bajariladi. 600 mingdan ko‘proq bemorga ambulator xizmat ko‘rsatiladi.

9

Mamlakatimizda shakllangan zamonaviy tibbiy-profilaktika xizmati tibbiyotimizning uzviy bo‘g‘inidir. Bugungi kunda uch mingga yaqin qishloq vrachlik punkti, oilaviy poliklinikalar, ambulator-poliklinika muassasalari, tuman va shahar markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalari bu yo‘nalishda xalqimizga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.

Tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan uzluksiz islohotlar tufayli mustaqillik yillarida onalar o‘limi 3,2, bolalar o‘limi 3,4 barobar kamaydi. Ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Mingyillik rivojlanish maqsadlariga to‘liq erishgani inson manfaatlarini muhofazalash yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning muhim mahsulidir.

«Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi doirasida tibbiyot tizimining moddiy-texnik salohiyatini yanada yuksaltirish bilan bog‘liq ishlar tobora kengaymoqda.

Jamiyatimizdagi tibbiy-ijtimoiy islohotlar jarayonida el salomatligini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan sharafli va mas’uliyatli kasb sohiblari – shifokor va hamshiralar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmokda.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot xodimlarining malaka va mahoratini oshirish, sohada erishilgan ilg‘or tajribalarni ommalashtirish borasida qator loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Tibbiyot muassasalari, xususan, onalik va bolalikni muhofazalashga ixtisoslashgan shifoxonalar, sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari, shifokorlar va hamshiralar o‘rtasida o‘tkazilayotgan turli tanlovlar shular jumlasidan.

Tadbirda ushbu tanlovlarning g‘oliblari e’lon qilindi. Sirdaryo viloyati Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi tanlovning onalik va bolalikni muhofazalash bo‘yicha eng yaxshi tibbiyot muassasasi nominatsiyasi sovrindorlari safidan o‘rin oldi.

– Tibbiyot muassasamizda kasalliklarga tez va aniq tashxis qo‘yish, samarali davolash bo‘yicha barcha sharoit mavjud, – deydi Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi bolalar bo‘limi mudiri Shahlo Mamajonova. – Natijada pediatriyada qo‘llaniladigan eng zamonaviy uslub va texnologiyalar davolash amaliyotiga keng tatbiq etilmoqda. Tanlovda erishgan yutug‘imiz bizni yanada ko‘proq intilish va izlanishga undaydi.

Tanlov g‘oliblari va sovrindorlariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

O‘zbek Milliy akademik drama teatri jamoasining “Iymon” spektakli namoyish etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.

 


O'xshash maqolalar


  • Sayt Haqida

    Assalomu Aleykum hurmatli mehmon! Tashrif.uz sayti ga tashrif buyurganizdan juda xursandmiz.Ushbu sayt yaratilishidan asosiy maqsad - O'zbekekistondagi qadimiy obidalar va O'zbekistonning tarixi, urf-odatlar hamda hozirgi kundagi istiqbollari haqida ma'lumotlarni o'zida jamlab, meroslarimizni saqlab qolish va uni kelajak avlodga yetkazib berish.

  • YODGORLIKLAR SURATLARDA

  • Yutuqlarimiz