O‘zbekiston paxtasi

uzbek-paxtasi

O‘zbekiston jahon paxta bozoridagi yetakchi mamlakatlardan biridir. Paxtachilik va paxtani qayta ishlash sanoati iqtisodiyotimizda muhim o‘rin tutadi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, xususan, tarmoqlarni modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash borasidagi tub o‘zgarishlar natijasida paxta yetishtirish, qayta ishlash va undan eng yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan tola ishlab chiqarish jarayonlari takomillashtirildi.

Fermerlik harakatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Fermer xo‘jaliklarini kreditlar, zarur texnika va materiallar, mineral o‘g‘it bilan imtiyozli ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan. Fermerlarimiz o‘zini yerning haqiqiy egasi sifatida his qilmoqda va paxtaning mamlakatimiz hamda dunyo bozorida talab yuqori bo‘lgan navlarini tanlab ekmoqda. Dehqonlarning o‘z mehnati natijalaridan manfaatdorligi paxta hosildorligi va sifatining oshishiga, uni yetishtirishning iqtisodiy samaradorligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Paxta seleksiyasi, uni rayonlashtirish, yig‘ib-terib olish va saqlashdan tortib, xarid qilingan tolani iste’molchilarga yetkazib berishning eng maqbul yo‘nalishlarini tashkil etishgacha bo‘lgan jarayonlar puxta ishlab chiqilgan. Shu bois ham yuqori sifati bilan shuhrat qozongan o‘zbek paxtasiga bo‘lgan ehtiyoj xalqaro bozorlarda tobora ortib borayotir.

Davlatimiz rahbari Islom Karimov tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan an’anaviy o‘zbek paxta yarmarkasi yurtimizning ushbu sohadagi hamkorligini hamda xalqaro iqtisodiy munosabatlardagi ishtirokini yanada kengaytirishga xizmat qilayotir.

Xalqaro o‘zbek paxta yarmarkasida har yili ko‘plab mamlakatlardan yirik paxta iste’molchilari, xaridorlar yig‘iladi. E’tiborli jihati, mazkur yarmarka ishtirokchilari jo‘g‘rofiyasi tobora kengayib, dunyoning yangi-yangi mintaqalarini qamrab bormoqda. Birgina misol. 2005 yilda tashkil etilgan birinchi yarmarkada 30 mamlakatdan treyder va to‘qimachilik kompaniyalarining 170 nafardan ortiq vakili qatnashgan bo‘lsa, 2009 yilda 34 mamlakatdan 515 tadbirkor ishtirok etdi.

Bugungi kunda paxtamiz Xitoy, Rossiya, Eron, Pokiston, Hindiston, Bangladesh, Janubiy Koreya, Singapur, Vyetnam, Turkiya singari ko‘plab davlatlarga eksport qilinmoqda. Paxta biznesi bo‘yicha hamkorlarimiz orasida to‘qimachilik sanoati jadal rivojlanayotgan Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari kompaniyalari ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Ushbu mamlakatlar bilan savdo-sotiq ko‘rsatkichlari, tuzilgan shartnomalar soni ham yildan- yilga ko‘paymoqda.

Ta’kidlash joizki, o‘tgan yillar paxta hosilining yarmarkaga qo‘yilgan qismlari to‘la sotildi. 2009 yil ikki kun davom etgan anjuman doirasida bir million tonnadan ortiq paxta tolasini sotib olish bo‘yicha shartnomalar imzolangan edi.

Navbatdagi yarmarka davomida anjuman ishtirokchilari mamlakatimizda paxtachilik majmuini rivojlantirish strategiyasi bilan atroflicha tanishish, paxta tolasini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzish imkoniga ega bo‘ladilar. Joriy yilda ham mamlakatimiz paxtani qayta ishlash korxonalari tomonidan tayyorlangan istiqbolli paxta navlari tolasining ikki ming namunasi namoyish etiladi.

Ta’kidlash kerakki, yurtimizda paxta tolasini sertifikatlash eng ilg‘or xalqaro standartlar asosida amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda HVI yuqori texnologik tizimlaridan foydalanilmoqda. “Sifat” markazining laboratoriyalari tarmog‘i paxtani qayta ishlash korxonalarimiz ishlab chiqarayotgan paxta tolasi sifatini nazorat qilib bormoqda.

O‘zbekiston yuqori sifati bilan ajralib turadigan paxtani kafolatli ravishda yetkazib beruvchi mamlakat sifatida e’tibor qozongan. Paxta biznesi bo‘yicha hamkorlarimiz bu yerda bozor narxlari o‘zgarishiga qarab, uning moslashuvchan ko‘rsatkichlaridan foydalanilayotgani hamda bu hamkorlikni kengaytirish borasida manfaatdorlikni oshirishini ta’kidlab kelmoqda.

Mamlakatimizning paxta eksporti bilan shug‘ullanadigan tashqi savdo kompaniyalari zamonaviy va samarali sotish uslublarini qo‘llagan holda, o‘z marketing strategiyasini mustaqil shakllantirmoqda. Yarmarkada qatnashadigan chet el treyder firmalari va to‘qimachilik kompaniyalariga o‘zlari tanlagan tolani sotib olish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish bilan bir qatorda, uni transportirovka qilish to‘g‘risida kelishib olish imkoniyati beriladi. Iste’molchilarni ushbu xizmatlar bilan ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Mamlakatimizda paxta terminallari, transport infratuzilmasi va keng tarmoqli logistika tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Paxta tolasini eksport qilishni takomillashtirish bilan bir qatorda, to‘qimachilik korxonalarini rivojlantirish hisobidan paxtani bevosita o‘zimizda qayta ishlash hajmi ham ortib bormoqda. Buning samarasida sohaga jalb qilinayotgan xorijiy investitsiyalar hajmi, qo‘shma korxonalar soni ko‘paymoqda.

Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqiroziga qaramasdan mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlayotgani, biznes uchun yaratilgan qulayliklar xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Xalqaro o‘zbek paxta yarmarkasi ushbu hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida bu jarayonda mustahkam o‘rin egalladi.

O‘zbekiston paxtasi haqida iliq fikrlar

Jose Sette, Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasining ijrochi direktori:

– O‘zbekiston paxtasi tolasi uzunligi, pishiqligi, mikroneyr ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoda yuqori o‘rinda turadi. Mamlakatingizda paxta sanoatini yanada rivojlantirish, tola sifatini oshirish, saqlash va yetkazib berish borasidagi tizimli ishlar samarasida jahonda uning xaridorlari tobora ko‘payib bormoqda.

O‘zbekistonda paxta yetishtirish bilan birga uni chuqur qayta ishlash sanoati jadal taraqqiy etayotganiga “UZTEX-Chirchiq” qo‘shma korxonasi misolida guvoh bo‘ldik. Bu yerda zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning keng assortimenti, yuqori sifati, ko‘rkam dizayni bizda katta taassurot qoldirdi. Korxonada ishchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. O‘zbekistonda paxta tolasini qayta ishlab, keng turdagi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilayotgan e’tibor mamlakatingiz iqtisodiyotini yuksak sur’atlar bilan rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Jong Vey Siang, “Sinotrans Landbridge Transportation” kompaniyasi menejeri (Xitoy):

– Kompaniyamiz Xitoyning to‘qimachilik korxonalariga paxta yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. O‘zbekiston bilan bu borada faol hamkorlik qilib kelamiz. Shu maqsadda Toshkentda o‘z vakolatxonamizni ochganmiz. O‘tgan yili Xitoy korxonalariga yigirma ming tonna O‘zbekiston paxtasini yetkazib bergan edik. Bu yil ushbu ko‘rsatkichni yanada oshirishni rejalashtirganmiz.

Yarmarka doirasida “O‘zbekiston” paxtani qayta ishlash zavodi, “UZTEX-Chirchiq” qo‘shma korxonasi va “Toshkent-Tola” paxta terminali faoliyati bilan tanishib, O‘zbekistonda paxtachilik va to‘qimachilik sanoati izchil rivojlanayotganining, sohaga eng zamonaviy texnologiyalar joriy etilayotganining guvohi bo‘ldik. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik har sohada, jumladan, paxtachilik va to‘qimachilik sanoatida yuksak sur’atlarda rivojlanib borayotgani bizni quvontiradi.

Kuk Xyun, Koreya sanoat texnologiyasi instituti tadqiqotchisi (Janubiy Koreya):

– Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasida o‘z loyihalarimiz bilan muntazam ishtirok etib kelamiz. Bu galgi anjumanda to‘qimachilik sanoatida qo‘llaniladigan zamonaviy uskunani taklif etdik. Janubiy Koreyadan kelgan to‘qimachilik kompaniyalari o‘zbekistonlik sheriklar bilan o‘zaro foydali muzokaralar o‘tkazib, hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldilar.

O‘zbekiston paxtasi dunyodagi eng sara va a’lo sifatli paxta hisoblanadi. Janubiy koreyalik tadbirkorlar ham yurtingiz paxtasiga katta qiziqish bilan qaraydi.

O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmi barqaror o‘sib borayotgani mamlakatingizda sanoatni rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning yuksak samaralaridandir.

Ronald Denis, “Global Fashion Management” kompaniyasi rahbari, moda sanoati bo‘yicha xalqaro ekspert (Belgiya):

– O‘zbekistonga birinchi marta kelishim. Mamlakatingizda biznes uchun yaratilgan qulay sharoit va sarmoyaviy muhit bilan yaqindan tanishdim. O‘zbekistonda paxta sanoatini rivojlantirish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, sifatli va raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilayotgan e’tibor menda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi paxtachilik, to‘qimachilik, shuningdek, moda va dizayn yo‘nalishida tajriba almashish imkonini beradi.

Ahad Kermaniy, “Ferdows Textile” kompaniyasi boshqaruvchi direktori (Eron):

– Ushbu yarmarkada o‘n yildan buyon muntazam qatnashib kelamiz. Anjumanning nufuzi va ishtirokchilari soni yil sayin ortib borayotganini alohida ta’kidlashni istardim. 2014-yili o‘tgan yarmarkada 1200 tonna o‘zbek paxta tolasini xarid qilgan edik. Bu yil ushbu ko‘rsatkichni 1500 tonnaga yetkazishni mo‘ljallayapmiz.

O‘zbekiston paxtasi a’lo sifati bilan dunyoga mashhur. Biz ham ishlab chiqarishda yurtingiz paxtasidan foydalanamiz. Yarmarkaga faoliyatimiz uchun zarur xomashyoni sotib olish maqsadida keldik. Muvaffaqiyatli kelishuvlarga erishganimizdan xursandmiz.

Mahmut Go‘ndo‘z, “Genel Tarim” kompaniyasi vakili (Turkiya):

– Jahon paxta va to‘qimachilik sanoatining eng yetakchi vakillari tashrif buyurgan ushbu nufuzli yarmarkada ilk marta ishtirok etdim. O‘zbekistonda paxta yetishtirish, qayta tayyorlash, xaridorlarga yetkazib berish jarayonidagi barcha ishlarga katta mas’uliyat va e’tibor bilan yondashilishining guvohi bo‘ldik.

O‘zbekiston paxta sanoatini yanada rivojlantirish borasida yuksak natijalarga erishmoqda. Mamlakatingizda har qanday iste’molchining talabiga javob beradigan paxtaning ko‘plab navlari mavjud.

Yarmarkada jahon paxta bozoridagi talab va takliflar, narxlar konyunkturasidagi o‘zgarishlar, paxta va to‘qimachilik sanoatidagi so‘nggi tendensiyalar haqida keng ma’lumot olish, o‘zaro foydali muzokaralar o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lganimizdan g‘oyat mamnunmiz. Maqsadimiz an’anaga aylangan ushbu yarmarkada faol ishtirok etib, yangi sheriklar topish, ular bilan hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirishdan iborat.

 

 

  • Sayt Haqida

    Assalomu Aleykum hurmatli mehmon! Tashrif.uz sayti ga tashrif buyurganizdan juda xursandmiz.Ushbu sayt yaratilishidan asosiy maqsad - O'zbekekistondagi qadimiy obidalar va O'zbekistonning tarixi, urf-odatlar hamda hozirgi kundagi istiqbollari haqida ma'lumotlarni o'zida jamlab, meroslarimizni saqlab qolish va uni kelajak avlodga yetkazib berish.

  • YODGORLIKLAR SURATLARDA

  • Yutuqlarimiz