Palovlar

Qovurma palov (Farg`onacha palov)

Asosan qo’y go’shti bilan va qo’y yog’ida qovurib tayyorlangani sababli bu palov g’oyat issiqlik taom hisoblanadi. Uni sovuqlik ovqatga aylantirish uchun, ayniqsa yoz faslida va issiqmijoz kishilar to’planganda paxta yog’i va mol go’shti solib tayyorlanadigan varianti ham bor. Qo’y yog’ini kubik (1x1x1 sm) shaklida yoki bodomday-bodomday qilib to’g’raysiz. Go’shtni esa xuddi kabobga to’g’raganday, bosh barmoqning birinchi bo’g’ini kattaligida kesasiz. Asosan qobirg’a va son go’shtlari tanlab olinadi. Qobirg’a suyaklari 4 sm kattalikda, ilikli suyak esa 10 sm dan oshmaydigan qilib chopiladi. Ushbu palov uchun oq tuxum piyoz va mushak yoki sariq mirzoyi navli sabzilar tanlanadi. Piyozni halqa-halqa qilib, sabzini gugurtning cho’pi kattaligida, somoncha shaklida to’g’rash kerak. Qozonni quruq qizdirgandan so’ng dumba yog’ni solasiz va o’rtacha olov berib eritib, jizzasini olasiz, so’ng sustroq olovda to oq tutun chiqquncha yorni dog’laysiz. Yaxshi dog’ bo’lganini bilish uchun yoqqa yirik tuz tashlasangiz, tasir-tusur otiladi, shundan so’ng bir bosh archilgan piyoz yoki barmoqdek yaydoq qovurg’a suyak tashlab qizartirib so’ng olib tashlash kerak. Ayniqsa palovni paxta yog’ida tayyorlaganda bu metodning ahamiyati katta: o’simlik yog’idagi gassipol deb ataluvchi zaharli moddani kuchini qirqib degassipolga aylantirishda piyoz va suyak tozalovchi modda vazifasini o’taydi. Yog’ yaxshi chuchib, dog’ bo’lganda piyozni tashlaysiz, kavlab-kavlab, qizarguncha jazlaysiz. Piyoz shig’il bo’lib qizarganda go’shtni tashlang, buni ham kavlab sirti qobiq olganida, sabzini solib mo’rtligi yo’qolguncha qovurasiz. So’ngra suv quyib, sust olovda mildiratib qaynatasiz, tuz va ziravorlar ham suv quygandan so’ng solinadi. Palovning lazzatli chiqishi uzoqroq qaynashiga bog’liq. 1 soatcha mildirab qaynasa, masallig’i, ziravorlardagi moddalar erib yaxshi sintez bo’ladi. Bir yoqdan qaynashi bilan bir yoqdan guruch solish natijasida palov chaynami belazzat bo’lib qoladi. Palov zirvagi me`yoriga yetib qaynaguncha, guruchni tozalab, yaxshilab yuvasiz. Guruch asosan 3 marta yuviladi, albatta upasi kam guruch bo’lsa buncha yuvish kifoya. Upasi ko’proq guruchni 4 5 marotaba erinmay yuvish zarur, shunda palov sochiluvchan, dona-dona bo’lib pishadi. Yuvilib, suvi yaxshilab sirqitilgan guruchni zirvak yuziga bir qatlam qilib solasiz. Uchoqdan chug’ni tortib olib, kuchli alanga berasiz va darhol guruchga suv quyasiz. Palov tayyorlayotganda suv quyish juda mas`uliyatli ishdirki, bu, guruchning qancha suv ko’tarishini bilishni talab etadi va palovpazning tajribasiga ham bog’liq bo’ladi. Shu sababli suv normasini aniq aytish qiyin, buni har bir pazanda qozon ustida uzi hal qiladi. Harholda quyilgan suv guruch yuzasidan kursatkich barmoqning birinchi bo’g’ini darajasida, ya`ni 1 1,5 sm bo’lsin. Alanga kuchayganda palovning bir tekis qaynashiga erishmoq muhimdir. Qozonning bir tomoni qaynab, bir tomoni qaynamasa osh tirik bo’lib qoladi. O’rtasi qaynamasa tuzi kamligidan dalolat. Palovga tuz ikki marta solinadi: zirvagiga va guruch suvni tortmasdan turib. Qozon bir tekis qaynaganda tatib ko’rib, tuzini rostlaysiz va suvini to’la tortganda damlaysiz. Suvi tortilganini bilmoq uchun guruch yuzasiga kapgirning teskarisi bilan urib kursangiz gup-gup ovoz beradi, agar shilp-shilp qilsa, demak suvi hali tortil-magan va alangani kuchaytirish kerak. Damlashdan oldin guruchni qozonning o’rtasiga gumbaz qilib to’plab, maxsus damcho’p yoki yog’och qoshiqning sopi bilan suqib chiqsangiz, teshikchalar hosil bo’lib, suvi qozon tubiga ketib, bugi tepaga ko’tariladi. So’ng damtovoqni yopasiz va uchoqdan chug’ni tortib olasiz. Gazda pishirayotgan bo’lsangiz shamdek qilib pastlab qo’yasiz. Gaz komforkalaridan birini palov pishirishga maxsus moslab olish zarur. Buning uchun gaz chiqadigan teshikchasiga bigiz tiqib kattaroq ochiladi, shunda alanga varillab yonadigan bo’ladi va palovning qaynashi osonlashadi. Damlash muddati 25 30 minut. Damtovoqni ochgach, palovni kavlab yaxshilab aralashtirasiz. Shunda go’shtlari va sabzisi guruchga bir tekisda qorishadi. Guruch bir-biriga mushtlashib qolgan bo’lsa kapgir bilan ajratib yuborasiz. Palovni katta laganga gumbaz qilib suzasiz, ustiga go’shtlarini joylaysiz va dasturxonga salat bilan birga keltirasiz. Salat yoz va kuz fasllarida shakarob, achchiq-chuchuk, qishda kertilgan turp, bahorda esa rediskadan iborat bo’ladi. Masalliq: 1 kg guruch, 1 kg qo’y go’shti, 250 gr qo’y yogi, 45 bosh piyoz, 500 gr sabzi, 1 choy qoshig’ida zira, shuncha zirk va shuncha tuyilgan qizil garmdori, tuz esa ta`bga ko’ra solinadi. Devzira palovni qovurma palov bilan ivitma palov (tavsiyalar ga qarang) usullarida pishiriladi. Qo’y yog’i va qo’y go’shtining hamda sabzi va piyozning to’g’ralishi yuqoridagi tavsiyada kursatilganidek masallilarni qovurish va zirvagining pishirilishi ham bir xil Biroq guruch ozroq go’sht va sabzisi ko’proq solinadi.Yana bir farqi, guruchni 5 – 6 marta yuvib, iliq suvga 2 – 3 soat ivitib quyish kerak. Zirvakka suv normadagidan ko’proq quyiladi, chunki bu guruchni suv kutarish koeffitsiyenti 1:5 ga tengdir, boshqa nav gu-ruchlarda esa 1:3 ga to`g`ri keladi. Shunday ekan, devzira guruchdan palovni risoladagidek tayyorlay olish uchun, avvalo, qovurma hamda ivitma palov tayyorlashni yaxshi o’rganib olish tavsiya. Palovni dasturxonga tortish oldidan qozonda yaxshilab aralashtirib laganga gumbaz qilib solinadi, yuziga suyakli go’shtlarni terib, kertilgan turp bilan birga keltiriladi, alohida idishda uzum sirkasi ham ko’yiladi. Masalliq: 800 gr guruch, 1 kg qo’y go’shti, 300 gr qo’y yog’i, 4 – 5 bosh piyoz, 1 kg sabzi, 1 choy qoshig’ida zira, shuncha zirk, shuncha tuyilgan qalampir, yoki bir quzoq yangi qalampir, tuzi esa ta`bga ko’ra olinadi.

Ivitma palov

Palovni tayyorlash guruch ivitishdan boshlanadi, buning uchun tozalangan guruchni 3 4 marta yuvib, iliq suvga tuz solib (1 kg guruchga 1 osh qoshig’ida tuz) ivitiladi. Ivitish muddati kamida 2 soat. Bizning tajribamizga ko’ra, guruch tuzli suvda 24 soatcha ezilmay (uqalanmay) turaveradi. Go’sht, yog’, sabzi va piyozni yuqoridagi tavsiyalardagidek to’g’raysiz. Ushbu palovning parhyezligini orttirish uchun o’simlik yog’i (paxta, zig’ir, kungaboqar, makkajuxori, zaytun yog’larida, tayyorlasangiz yaxshi bo’ladi. Bunda paxta va zig’ir yog’larini o’rtacha olov bilan uzoq muddat 1 soat, to oq tutun chiqquncha dog’laysiz, kungaboqar, makkajuxori va zaytun yog’larini esa uzoq dog’lamasdan, qizishi bilanoq to’g’ralgan go’shtni solasiz. Uncha qizartirib yubormay, seli chiqa boshlaganda halqa-halqa qilib to’g’ralgan piyozni solasizda, bir-ikki aralashtirgach, to’g’rab-tayyorlab qo’yilgan sabzini bir qatlam qilib soling-da, darhol suv quyib, 1 soat davomida mildiratib qaynatasiz, Shu vaqt ichida zirvakka tuz, zira solasiz, qalampir va zirk solinmaydi. Zirvak ho’b pishgach, ivitilgan guruchni qatlam qilib solasiz, olovni balandlatib, guruch yuzi bilan barobar qaynoq suv quyasiz, tuzini rostlaysiz, mobodo suvi tez tortilib, guruchi hali tirik bo’lsa, issiq, suvdan yana sevalaysiz. Shunday qilib ivitilgan guruch qozonga tushgach, yana qancha suv tortsa shuncha quyib turasiz. Shunisi ham borki, guruchli qatlamni kapgir bilan chuqarib, ola qolganlarini qozonning qaynayotgan joylariga surib, yuzini silab qo’ysangiz suvi yaxshi tortiladi va palov sochiluvchan bo’lib pishadi. Suvi tortilgan guruchni qozon o’rtasiga gumbaz qilib to’plab, 20 25 minut davomida damlab qo’yasiz, olovini tortib olib,.gaz bo’lsa oxirigacha pastlatiladi. Qozonda palovni yaxshilab aralashtirib, laganga solasiz va xohlagan salatlardan biri bilan dasturxonga keltirasiz. Masalliq: 1 kg guruch, 1 kg go’sht (qo’y yoki mol go’shti), 250 gr yog’ (o’simlik moylaridan biri yoki qo’y yog’i). 1 kg sabzi, o’rtacha kattalikdagi 2 bosh piyoz, 1 choy qoshig’ida zira, tuz esa ta`bga ko’ra olinadi.

Samarqandcha palov

Qo’y yog’ini mayda to’g’rab, qizitilgan qozonga solib eritgach, jizzani olib, yog’ni uzoq muddat yaxshi dog’laysiz. Bunga lo’nda-lo’nda qilib to’g’ralgan go’shtni solib, sirti qizarguncha qovurganingizdan so’ng to’g’ralgan piyozni tashlang-da, bir-ikki kavlang. Piyoz o’ta qizarib ketmay turib, somoncha shaklida to’g’ralgan sabzini qatlam qilib solasiz va sira qovurmasdan va kavlamasdan darhol suv quying. Zirvak qaynaganida tuzini rostlab, zirk, zira, butun yoki tuyilgan qalampir solinadi. O’rtacha olovda mildiratib qaynatib quyib, guruchni tozalab yuvasiz. Zirvak yaxshi yetilib pishganda sabzisi muloyimlashib, go’shti yumshaydi. Ana shunda yuvib tayyorlangan guruchni qatlam qilib solib, suvni normada quyib, o’choqdan cho’g’ni tortib olasiz va alangani kuchaytirasiz. Guruchi suvini yaxshi tortib, bo’rtganda, damlab qo’yasiz, muddati 25 minut. Damlangandan so’ng 10 15 minut o’tganda palovni xomdam qilasiz. Buning ma`nosi: damtovoqni ochib, guruch qatlamini kapgir bilan cho’karib ag’darasiz, shunda ortiqcha bug’i ko’tarilib osh lanj bo’lmaydi va ayrim tirik qolgan guruchlari pastga kumilib, yetilishi uchun imkon tug’iladi, damgirni yana jips yopib suyasiz va damlash oxiriga yetganda laganga suzasiz. Suzish qoidasi bunday: laganga avvalo guruch qatlamini gumbaz qilib, tepasiga, sabzisi bilan go’shtini solasiz. Yoki laganning bir tomoniga guruchni, ikkinchi tomoniga sabzi, go’shtini solib dasturxonga qo’yasiz . Masalliq: 1 kg go’sht, 1 kg guruch., 250 gr qo’y yog’i, 1 kg sabzi, 2-3 bosh piyoz, 1 choy qoshig’ida zira, shuncha zirk, qalampir va tuz ta`bga ko’ra solinadi.

Bir guruchu bir go`shtli palov

Ushbu palov yog’siz so’qim yoki qora kesak qo’y go’shtidan tayyorlanadi. Go’shtni bamisoli mantiga to’g’ragandek chumchuq tili qilib maydalaniladi va tuz sepiladi. Qozonda yog’ni dog’lab, g’shtni solib qizartirib qovurib chovlida suzib olib quyasiz. Yoqqa suyaklarni tashlab qovurib, so’ng piyozni solasiz va har ikkala masalliqning sirti qizarganda kubik (1x1x1 sm) shaklida to’g’ralgan sabzini tashlab, yarim tayyor bo’lguncha qovuring. So’ngra qozondagi masalliqning i bilan barobar suv quyib, tuz va ziravorlar sepib, sust olovda 50 60 minut davomida mildiratib qaynatib qo’yasiz. Guruchni tozalab, yaxshilab yuvib, zirvak ustidan qatlam qilib solasiz, suv quyasiz va kuchli alanga berib tekis qaynashiga erisha-siz Tuzini yana bir tatib, kerak bo’lsa, rostlaysiz. Guruch suvini terib yaxshi bo’rtganda yuziga haligi qovurib olib qo’yilgan go’sht solib, 25 30 minut damlab quyasiz. Oshni qozonning uzida yaxshilab aralashtirib, laganga gumbaz qilib solib, biron bir salat yoki kertilgan turp bilan birga dasturxonga keltirasiz, alohida shishada uzum sirkasi ham qo’ying. Masalliq: 1 kg guruch, 1 kg go’sht, 200 gr yog’ (frityur uchun yana alohida 1 kg yog’ olinadi), 500 gr sabzi, 3 4 bosh piyoz, tuz va har xil ziravorlar ta`bga ko’ra olinadi.

Sarimsoqli palov

Sarimsoqli palovning zirvagi Fargonacha palovda aytilganidek tayyorlanadi, farqi sarimsoq piyoz solinadi. Sarimsoq piyozni ikki xil usulda qushish mumkin. Birinchi usulda sarimsoqni butunligicha, soch qismini pichoq bilan kesib tashlab, bir qavat po’stini archib, sovuq suvda chayqab yuborasiz va kesilgan tomonini pastga qilib zirvakka solasiz, chesnok yarim tayyor bo’lguncha qaynatasiz. So’ngra ustidan guruchni qatlam qilib solib, palov pishirishni oxiriga yetkazasiz. Sarimsoq qo’shishning ikkinchi usuli bunday: zirvakni odatdagidek pishiraverasiz. Parraklarga bo’linib, puchog’i archilgan sarimsoqni sovuq suvda chayqab, yuvilgan guruchga aralashtirib zirvakka solasiz va suv quyib pishirishni oxiriga yetkazasiz. Barcha jarayonlar qovurma palov tavsiyasida ko’rsatilgandek amalga oshiriladi. Damlash muddati 25 30 minut. Palovni qozonda yaxshilab aralashtirib, laganga gumbaz qilib solasiz, butun pishgan sarimsoqlarni palov ustiga terib keltirasiz. Masalliq 1 kg guruch, 500 gr go’sht, 200 gr sarimsoq 300 gr qo’y yog’i, 500 gr sabzi, 2 3 bosh piyoz, tuz, zira, zirk va qalampir ta`bga ko’ra solinadi.

Behili palov

Yo Fargonacha palov yoki Samarqandcha palovda aytilgandek zirvak tayyorlanadi. Behining tukini artib, to’rt pallaga bo’lasiz-da, urug’i va zaha bo’lgan joylarini olib tashlaysiz, zirvakka solib pishirasiz. Agar zirvakni qovurma palov usulida tayyorlasangiz, unda behi bo’laklarini go’sht va sabzi bilan birga qovurasiz, so’ng suv quyasiz. Mabodo ivitma palov usulida bo’sa u holda behi pallalari to chala pishguncha sabzi bilan birga mildiratib qaynatiladi, so’ng guruch solinadi. Qolgan jarayonlar o’sha tanlangan reseptlar-da aytilgandek. Damlash muddati 25 minut. Taom tayyor bo’lganda behi bo’laklarini ajratib olib, palovni yaxshi aralashtirasiz, laganga solib, yuziga behilarni terib dastur-xonga keltirasiz. Dasturxon ustida mayda bo’laklarga bo’lib iste`-mol etiladi. Masalliq: 1 kg guruch, 500 gr go’sht, 2 dona behi, 500 gr sabzi, 300 gr qo’y yog’i, 2 3 bosh piyoz, zira, zirk, qalampir va tuz ta`bga ko’ra olinadi.

Shodibek palovi

Guruchni 4 5 marta yuvib, ivitib qo’yasiz, behini o’rtacha kubik (2 sm3) qilib to’g’rab, buni ham iliq suvga botirib qo’yasiz yoki guruchga qo’shib ivitasiz, aks holda qorayib qoladi. Go’shtni kabobga to’g’ragandek, piyozni halqa-halqa sabzini esa kichik kubik (1 sm3) shaklida to’g’raganingizdan so’ng qozonda yog’ni dog’laysiz. Bunga piyozni, so’ng go’shtni solib, qizarganda, sabzini bosib, suv quyib mildiratib qo’yasiz. Zirvak yetilganda, behi aralashtirilgan guruchni solib damlaysiz. Agar behi alohida ivitilgan bo’lsa guruchdan oldin solib, suvini guruch ustidan quyasiz. Suvi yaxshi tortilsin uchun alangani kuchaytirib, guruch qatlamini kapgir bilan cho’karib silab qo’yasiz. Damlash muddati 25 30 minut. Palovni qozonda yaxshi aralashtirgach, laganga suzib dasturxonga tortasiz. Masalliq: 1 kg guruch, 500 gr go’sht, 2 3 dona behi, 300 gr qo’y yog’i, 34 bosh piyoz, 500 gr sabzi, ta`bga ko’ra tuz va ziravorlar olinadi.

Kovatok palov (tok oshi)

Palov uchun mo’ljallangan qo’y go’shtini ikki qismga bo’lasiz, laxim qismidan qiyma tayyorlaysiz, qolgan suyakli go’shtni piyoz va sabzi bilan qovurishga ishlatasiz. Dog’langan yog’da piyoz jazlaganingizdan so’ng, suyakli go’shtni solib qizartirib qorvurasiz, so’ng sabzini solasiz, suv quyib sust olovda qaynatasiz. Go’shtning lahim qismidan tayyorlangan qiymaga mayda to’g’ralgan piyoz, tuz va murch qo’shib mijiysiz. Uzum barglarini terasiz; bunda yangi chiqqan surxning yuqorisidan uchinchi va to’rtinchi barglarni terib olasiz. Bu barglar o’rtacha kattalikda, sirti yiltirok, va ta`mi totimli bo’ladi. Barglarni sovuq suvda chayib yuborganingizdan so’ng har birining o’rtasiga taxminan bir choy qoshig’ida qiymadan solib, yumaloq shaklli do’lmalar tugasiz. Do’lmalarning uralgan tomonini ostiga qilib taxtaga tersangiz ochilib ketmaydi. Kovatoklarning hammasini tugib bo’lgach, birini ikkinchisiga jipslashtirib igna o’tkazib ipga shoda qilib tizasiz. Kovatokni pishirishning ikki usuli bor. Birinchi usuli: ipga tizilgan shodani qozonga sabzi yuziga solib, ko’mib turarli suv quyib, mildiratib qaynatib pishirasiz, so’ng guruch solib, odatdagi palovlar singari damlaysiz. Damlash muddati 25 30 minut. Dasturxonga tortishda kovatok shodani asta olib palovi aralashtirib, laganga solasiz, yuziga kovatokni qo’yib ipini tashlaysiz. Ikkinchi usuli: kastryulkaning tubiga bitta likopcha quyib, do’lmalarning avval kattaroqlarini so’ng maydalarini birma-bir terib, tepasiga yana bitta likopcha to’ntarasiz-da, yuzi bilan barobar suv quyasiz. Sust olovda 30 – 35 minut pishirganingizdan so’ng, tayyor palov yuziga terib keltirasiz. Masalliq: 1 kg guruch, 500 gr qo’y go’shti, 500 gr sabzi, 4 – 5 bosh piyoz tuz va ziravorlar ta`bga ko’ra olinadi. Har porsiyasiga 12 – 15 donadan kovatok hisobida 60-70 ta uzum bargi kerak bo’ladi.

Do`lmali palov

Palovga mo’ljallab olingan go’shtni ikki qismga bo’lasiz. Lahimini go’sht qiymalagichdan o’tkazib, mayda to’g’ralgan piyoz, murch, tuz va xom tuxum qo’shib mijiysiz. Tuxum qo’shishdan maqsad, qiyma qalampirning ichidan chiqib ketmaydi. Qalampirning bandini olib tashlab, urug’ini qoqib yuborib, yaxshi yuvasiz-da, har biriga to’ldirasiz. Qozonda yog’ni dog’lab, suyakli go’shtni va piyozni solib qovuring, so’ngra sabzini solib, ustiga do’lmalarni terib, ko’mib turarli qilib suv quyasiz-da, sust olovda 1 soat davomida mildiratib qaynatasiz. Tuzini rostlab ziravorlar sepasiz. So’ngra yuvib tayyorlangan guruchni solib odatdagidek damlayverasiz. Damlash muddati 20 25 minut. Dasturxonga tortishda do’lmalarni titib yubormasdan olib, palovni aralashtirasiz va laganga solib, ustiga har bir xo’randa uchun 2 dona hisobida do’lmalarni terib keltirasiz. Masalliq: 1 kg guruch, 1 kg go’sht, 300 gr qo’y yog’i, 500 gr sabzi, 4 5 bosh piyoz (ham oshga, ham qiymaga), 1 dona tuxum, tuz, murch, zira, zirk ta`bga ko’ra olinadi, 10 12 dona o’rtacha kattalikdagi chuchuk qalampir kerak bo’ladi.

Bedanali palov

Bedanalarni so’yib, qaynoq suvga botirib olinsa, pati oson yulinadi. Ichini ochib, chavag’ini olib tashlab, issiq suvda yaxshilab yuvib, suvini sirshitgach, tuz, murch va zira bir-biriga qo’shib tuyilgan kombiziravor sepib qo’yasiz. Yog’li qo’y go’shtidan tayyorlangan qiymaga mayin to’g’ralgan bosh piyoz, qirqilgan kashnich, tuz, murch va xom tuxumdan qo’shib mijiysiz. Har bir bedana ichiga ana shu qiymadan to’ldirasiz. Qozonda o’simlik moyini dog’lab, piyozni jazlaysiz va suyakli go’shtni solib qizartirib qovurganingizdan so’ng, sabzini solasiz va 2 3 marta kavlab aralashtirib, ustiga ichi qiyma bilan to’ldirilgan bedanalarni terasiz va masalliqni ko’mib turarli darajada suv quyib, sust olov berib 1 soatcha mildiratib qaynatasiz. Agar suv to’g’rab, hali bedanalar pishmagan bo’lsa qaynok, suvdan qo’shasiz. So’ngra tuzini rostlab, yuvilgan guruchni qatlam qilib solib, keragicha suv quyib, pishirishni oxiriga yetkazasiz. Damlash muddati 20 minut. Dasturxonga tortishda bedanalarni asta ajratib olasiz, palovni yaxshi aralashtirib, laganga suzgach, yuziga har bir xo’randa uchun bir dona bedana hisobida suzib keltirasiz. Masalliq: 1 kg guruch, 200 gr lahim go’sht, 250 gr zig’ir yog’i, 4 5 bosh piyoz, 500 gr sabzi, 6 dona bedana, 12 dona tuxum, tuz va ziravorlar ta`bga ko’ra olinadi.

Ilvasinli (kaklik) palov

Kaklikni so’yib, qaynoq suvga pishib olgach, patlarini yulasiz, ichini ochib, chavag’idan tozalaysiz-da, issiq suvda yuvib, 4 yoki 6 bo’lakka bo’lib, tuz sepib qo’yasiz. Qozonda yog’ni dog’lab, kaklik go’shtini solib qizarguncha qovurasiz va piyoz solasiz, piyoz qizargach, sabzini solib ikki-uch aralashtirganingizdan keyin suv quyib, sust olovda bir soatcha mildiratib qaynatasiz. So’ng ziravorlar sepib, tuzini rostlaysiz-da, yuvib tayyorlangan guruchni solib, odatdagidek damlaysiz. Damlash muddati 25 30 minut. Dasturxonga tortishda kaklik go’shtini ajratib olib, palovni yaxshilab aralashtirasiz, keyin laganga suzib, har bir xo’randaga bir bo’lak kaklik go’shti hisobida palov yuziga terib chiqasiz. Masalliq: 1 kg guruch, 1 dona semiz kaklik, 500 gr sabzi, 250 gr o’simlik yog’i, 3 4 bosh piyoz, tuz va ziravorlar ta`bga ko’ra olinadi.

Pomidor quymoqli palov

Yog’ni dog’lab, piyoz jazlaysiz, so’ng go’shtni solib qizarguncha qovurasiz, keyin sabzini qo’shib, bir-ikki aralashtirasiz-da, suv quyib, 50 60 minut davomida mildiratib qaynatasiz. Pomidorlarning Olma, Sovg’a, Volgagrad deb ataluvchi navlaridan apelsin kattaligidagi bir xil, ezilmagan, biroq qip-qizil pishganlarini tanlab olib yuvib yuborgach, band tomonini kesib tashlab, ehtiyotlik bilan o’rtasidagi eti va urug’larini olasiz. Hosil bo’lgan pomidor kosachalarga tuz sepib, laganga to’ntarib qo’ysangiz, seli yaxshi oqib ketadi. So’ngra har bir pomidorning ichiga bir donadan tuxum chaqib, picha tuz va murch sepib qo’yasiz. Tayyor bo’lgan zirvakka yuvilgan guruchni solib, odatdagidek palov damlaysiz. Damlash: oldidan guruch yuzasini kapgir bilan tekislab, qoshiq yordamida chuqurchalar hosil qilasiz. Har bir chuqurchaga bir donadan ichiga tuxum chaqilgan pomidorni joylaysiz, so’ngra damtovoq o’rniga tog’oracha yopasiz, chunki pomidorlarning shakli buzilmasligi kerak. Olovini pastlatib, 25 30 minut dam yedirasiz. Shu muddatda pomidor ichidagi tuxum qotib pishadi. Tayyor bo’lgach, pomidor quymoqu1arni asta olib qo’yasiz-da, palovni aralashtirib laganga suzasiz. Yuziga har bir xo’randaga bir dona pomidor quymoq hisobida qo’yib, dasturxonga keltirasiz. Masalliq: 1 kg guruch, 500 gr qo’y go’shti, 300 gr qo’y yog’i, 2 3 bosh piyoz, 500 gr sabzi, 6 dona tuxum, 6 dona bir xil kattalikdagi pomidor, tuz, zira va murch ta`bga ko’ra olinadi.

Qazili palov

Qazini sovuq suvli idishga solib, 2 soat davomida qaynatib pi-shirasiz. Qaynab chiqishi bilan nina sanching, aks holda yorilib ketadi. Qazi pishgach, qozondan olib sovutib qo’yasiz. Alohida qozonda go’shtsiz palov tayyorlaysiz. Buning uchun o’simlik yog’ini yaxshi dog’lab, piyoz jazlaysiz. Qazini boshqa idishda qaynatib utirmay, shu qozonning o’zida pishirsangiz ham bo’ladi. Ya`ni, piyoz jazlangach, qazini to’garak qilib bog’langan holda solib, ustidan sabzini to’kib, darhol suv quyasiz-da, 2 soat mildiratib qaynatasiz. Nina urishni unutmang. Agar suvi bug’lanib ketsa, qaynoq suv qo’shib, to qazisi pishguncha qaynataverasiz. So’ng guruch solasiz-da, suvini tortgach, 25 30 minut damlab qo’yasiz. Dam yeb bo’lgach, qazini olib, parrak-parrak qilib kesasiz. Palovni aralashtirib, laganga suzasiz va yuziga qazi parraklarini terib dasturxonga tortasiz. Masalliq: 1 kg guruch, 500 gr sazi, 250 gr paxta yog’i, 500 gr sabzi, 2 3 bosh piyoz, tuz esa ta`bga ko’ra olinadi.

Po`stdumba palov

Qozonda o’simlik yog’ini dog’lab, piyoz jazlaysiz va qaynatilgan po’stdumbani 100150 grammli bo’laklarga bo’lib, piyozga qo’shib qovurasiz, sirti qizarganda sabzini solasiz va bir-ikki aralashtirib suv quyasiz. qaynab chiqqach, tuzini rostlab, zira, zirk, tuyilgan qalampir solib, sust olovda 1 soatcha mildiratib qaynatasiz. So’ng guruchni solasiz, suvini tortgach, 2025 minut damlab qo’yasiz. Dasturxonga tortishda po’stdumbani olib, mayda bo’laklarga bo’lib, palov yuziga solasiz-da, nordon anor donalaridan sepasiz. Alohida idishda uzum sirkasi qo’yasiz. Masalliq: 1 kg guruch, 500 gr po’stdumba, 200 gr paxta yog’i, 23 bosh piyoz, 1 kg sabzi, tuz va ziravorlar hamda anor bilan uzum sirkasi ta`bga ko’ra olinadi.

Kartdumba palov

Yaxlit bo’laklarga bo’lingan dumba yog’ini 1 soat davomida qaynatib olib, so’ng sovutasiz. Qozonga paxta yog’i (zig’ir moyi) solib dog’lab, pishirilgan dumba bo’laklarini tashlab, sirti qizarguncha qovurasiz. So’ngra piyozni solib, bir oz aralashtirasiz-da, sabzini qovurmasdan darhol suv quyib (yaxshisi dumba qaynatmasini quyib), sabzi chala pishguncha mildiratib qo’yasiz. Zirvakka tuz, zirk, zira va qalampir ham qo’shing. Tayyor zirvakka yuvilgan guruchni solib, suvi tortilgach, 2025 minut damlab qo’yasiz. Dasturxonga tortishda palovni aralashtirmay, laganga avval guruch qatlamini suzasiz, so’ngra sabzisini ustiga solasiz. Dumbani esa mayda bo’laklarga bo’lib, sabzining yuziga qo’yasiz. Masalliq: 1 kg guruch, 500 gr dumba, 200 gr paxta yog’i, 1 kg sabzi, 2 bosh piyoz,tuz va ziravorlar ta`bga ko’ra olinadi.

Moshli palov

Palov tayyorlashdan 23 kun oldin moshni yuvib,.yassi idishga, masalan, laganga bir-ikki qavat qilib solib, sovuq suv quyib ivitib qo’yasiz. Mosh yaxshi bo’rtishi uchun unga suvdan tashqari havo ham ta`sir etib turishi kerak. Shu sababli yassi idishda ivitiladi. Suv kamayib ketsa, yana quyib turasiz. Ma`lum muddat o’tgach, mosh bo’rtadi, xatto nish ham uradi. Uni kleyonkaga yoyib, bo’rtmagan donalarini terib tashlaysiz. So’ng guruchni yuvib, bo’rtgan moshni unga aralashtirib, sovuq suv quyib olib qo’yasiz. Yog’ni dog’lab, piyoz jazlay-siz, keyin chumchuq tili qilib to’g’ralgan go’shtni solib bir-ikki aralashtirasiz-da, mayda kubik qilib to’g’ralgan sabzini ham qo’shib, chala pishguncha qovurasiz, so’ng suv quyib, 50 minutcha sust olovda mildiratib qaynatasiz, ziravorlar solish mumkin-u, lekin tuzi keyin qo’shiladi. Zirvak pishgach, mosh aralashtirilgan guruchni solasiz, keragicha suv quyib, alangani kuchaytirib qaynatasiz, moshi dona-dona bo’lib pishganda tuzini rostlaysiz, aks holda mosh qotib qoladi. Guruchi ham, moshi ham yetilgach, 30 minutcha damlab qo’yasiz. Dasturxonga tortishda laganga gumbaz qilib suzasiz. Masalliq: 800 gr guruch, 1 stakan mosh, 500 gr qo’y go’shti, 300 gr qo’y yog’i, 500 gr sabzi, 2 bosh piyoz, tuz va ziravorlar ta`bga ko’ra olinadi.

No`xatli palov

Palov tayyorlashdan bir kun avval no’xatni yuvib, sovuq suvga ivitib qo’yasiz va salqinroq joyda saqlaysiz. Agar suvida pufakchalar paydo bo’lsa, no’xat pishmay kirt-kirt bo’lib qoladi. Shu sababli yoz kunlari suvini ikki-uch bor yangilab qo’yasiz. Ushbu palov uchun go’shtni 10-15 grammli, piyozni odatdagidek halqa-halqa qilib, sabzini esa no’xatcha usulida to’g’raysiz. Guruchni yuvib, iliq suvga 23 soat ivitib qo’yasiz. Qozonda yog’ni dog’lab, go’shtni solasiz, sirti qizargach, piyozni tashlaysiz va har ikkalasini qizarguncha qovurasiz. So’ngra sabzini solib, darhol suv quyasiz-da, ivigan no’xatni ham qo’shib 1 soat davomida mildiratib qaynatasiz. No’xat yumshagach, (barmoq bilan ezib ko’ring) zirvakka tuz va ziravorlar solasiz. Tayyor bo’lgan zirvakka ivitilgan guruchni solib, keragicha suv quyasiz. Suvi tortilgach, 25 minut dam yedirasiz. So’ng yaxshilab aralashtirib, laganga suzasiz-da, xohlagan salat bilan birga dasturxonga tortasiz. Masalliq: 800 gr guruch, 1 stakan no’xat, 500 gr go’sht, 500 gr sabzi 23 bosh piyoz, 250 gr qo’y yog’i, tuz va ziravorlar ta`bga ko’ra olinadi.

Loviyali palov

Palov xuddi yuqoridagi retsept da aytilgandek tayyorlanadi, go’shtni, piyozni va sabzini hamn o’sha usulda to’g’raysiz. Guruchni yuvib, issiq suvga ivitib qo’yasiz, Zirvakni hozirlab, palovni damlash oldidan qaynatilgan loviyani qo’shib yuborasiz. Buning uchun loviyani yuvib, sovuq suvli idishga solib bir qaynatib olib, qorayib ketgan suvini to’kib tashlaysiz va yana suv quyib, yumshaguncha pishirasiz. So’ngra suvini to’kib tashlab, palovni damlash oldidan guruch yuziga solib, damtovoqni yopasiz, damlash muddati 20-25 minut. Palov dam yegach, yaxshilab aralashtirasiz-da, laganga suzib, yuziga murch sepib, dasturxonga tortasiz. Alohida idishda uzum sirkasi beriladi. Masalliq: 800 gr guruch, 1,5 stakan loviya, 500 gr go’sht, 500 gr sabzi, 300 gr qo’y yog’i, 23 bosh piyoz, tuz, zira, murch va sirka ta`bga ko’ra olinadi.


O'xshash maqolalar


  • Sayt Haqida

    Assalomu Aleykum hurmatli mehmon! Tashrif.uz sayti ga tashrif buyurganizdan juda xursandmiz.Ushbu sayt yaratilishidan asosiy maqsad - O'zbekekistondagi qadimiy obidalar va O'zbekistonning tarixi, urf-odatlar hamda hozirgi kundagi istiqbollari haqida ma'lumotlarni o'zida jamlab, meroslarimizni saqlab qolish va uni kelajak avlodga yetkazib berish.

  • YODGORLIKLAR SURATLARDA

  • Yutuqlarimiz